O‘suvchi va qiymat aksiyalari: asosiy farqlar, natijalar va strategiyalar
Mundarija
  • Kirish
  • O‘suvchi aksiyalar nima?
  • O‘suvchi aksiyalarning xususiyatlari, afzalliklari va risklari
  • Qiymat aksiyalari nima?
  • Qiymat aksiyalarning xususiyatlari, afzalliklari va risklari
  • O‘suvchi va qiymat aksiyalar taqqoslanishi
  • Bozor sikllari davomida natijalar
  • Iqtisodiy omillar ta’siri
  • Nazariy asoslar
  • O‘suvchi va qiymat strategiyalarini birlashtirish
  • Xulosa
Kirish
Fond bozorida investitsiya qilish pul ko'paytirish uchun ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Eng keng tarqalgan ikki yondashuv o‘suvchi aksiyalar va qiymat aksiyalariga investitsiya qilishdir. Har biri o‘ziga xos fikrlash tarziga ega bo‘lib, investorlar uchun turli yo‘llar orqali daromad olish imkonini beradi.

O‘suvchi aksiyalarga yo‘naltirilgan yondashuv kelajakda tez o‘sishi kutilayotgan kompaniyalarga e’tibor qaratadi. Bu yondashuvni tanlagan investorlar yuqori daromad ehtimoli evaziga ko‘proq riskni qabul qilishga tayyor bo‘ladi.

Qiymat aksiyalariga yo‘naltirilgan yondashuv esa bozorda haqiqiy qiymatiga nisbatan past baholangan kompaniyalarni aniqlashga qaratilgan. Bu yondashuv tarafdorlari arzon narxda sotib olib, keyinchalik aksiyaning qiymati tiklanishidan foyda olishni maqsad qiladi.

Har ikkala yondashuv turli investorlar va turli maqsadlar uchun mos keladi.

O‘suvchi aksiyalar nima?
O‘suvchi aksiyalar = bu daromadi va tushumi bozor o‘rtacha ko‘rsatkichidan tezroq o‘sishi kutilayotgan kompaniyalar aksiyalaridir.
Bunday kompaniyalar odatda tez rivojlanayotgan sohalarda faoliyat yuritadi, masalan texnologiya, sog‘liqni saqlash yoki energiya sektorida. Ular daromadni dividend sifatida tarqatish o‘rniga, uni biznesni kengaytirishga yo‘naltiradi.
Bu shuni anglatadiki, investorlar bugungi kunda pul tikib, kelajakdagi katta o‘sishdan foyda olishni kutadi.

O‘suvchi aksiyalarning xususiyatlari, afzalliklari va risklari
Asosiy xususiyatlari
O‘suvchi aksiyalar quyidagi belgilar bilan ajralib turadi:
  • yuqori P/E va P/B koeffitsiyentlari
  • dividend to‘lamaslik yoki juda kam to‘lash
  • yuqori o‘sish kutilmalari
  • narxlarning keskin o‘zgarishi
Afzalliklari
O‘suvchi aksiyalar quyidagi imkoniyatlarni beradi:
  • uzoq muddatda katta kapital o‘sishi
  • innovatsion sohalarda ishtirok etish
  • kompaniya rivojlanishi orqali qiymatning tez oshishi
Risklari
O‘suvchi aksiyalar bilan bog‘liq xavflar:
  • kutilgan o‘sish amalga oshmasa, narx keskin tushadi
  • foiz stavkalari va inflyatsiyaga sezgir
  • yuqori volatillik sababli katta yo‘qotish ehtimoli mavjud
Qiymat aksiyalari nima?
Qiymat aksiyalari - bu bozorda haqiqiy qiymatiga nisbatan arzon baholanayotgan kompaniyalar aksiyalaridir.
Bu kompaniyalar odatda barqaror daromadga ega, bozorda o‘z o‘rnini topgan va ko‘pincha dividend to‘laydi. Ular vaqtincha e’tibordan chetda qolgan bo‘lishi mumkin, lekin uzoq muddatda o‘z qiymatini tiklaydi.

Qiymat aksiyalarning xususiyatlari, afzalliklari va risklari
Asosiy xususiyatlari
  • past P/E va P/B koeffitsiyentlari
  • muntazam dividend to‘lovlari
  • barqaror daromad
  • past volatillik
Afzalliklari
Qiymat aksiyalari:
  • barqarorlikni ta’minlaydi
  • dividend orqali daromad beradi
  • iqtisodiy tiklanish davrida yaxshi natija ko‘rsatadi
Risklari
  • uzoq vaqt arzon bo‘lib qolishi mumkin
  • o‘sish sekin kechadi
  • “value trap” xavfi mavjud
O‘suvchi va qiymat aksiyalar taqqoslanishi
O‘suvchi aksiyalar:
  • maqsad: tez o‘sish
  • risk: yuqori
  • dividend: yo‘q yoki kam
Qiymat aksiyalari:
  • maqsad: barqaror daromad
  • risk: pastroq
  • dividend: mavjud
Bozor sikllari davomida natijalar
O‘suvchi va qiymat aksiyalarining natijasi ko‘pincha iqtisodiy sharoitlar va bozor sikllariga qarab farq qiladi. Ya’ni har doim bitta turdagi aksiya yaxshiroq ishlaydi, deb aytib bo‘lmaydi. Bozorning qaysi bosqichda ekani, foiz stavkalari, inflyatsiya, texnologik rivojlanish va investorlarning kayfiyati bu ikki strategiyaning natijasiga katta ta’sir qiladi.

O‘suvchi aksiyalar odatda iqtisodiyot kengayayotgan, foiz stavkalari past bo‘lgan va texnologik innovatsiyalar kuchaygan davrlarda yaxshi natija ko‘rsatadi. Chunki bunday sharoitda kompaniyalar arzonroq qarz olishi, biznesini tezroq kengaytirishi va kelajakdagi daromadlarini oshirishi mumkin. Investorlar ham bunday paytda kelajakdagi o‘sishga ko‘proq ishonadi va tez rivojlanayotgan kompaniyalar aksiyalariga ko‘proq pul yo‘naltiradi.

Qiymat aksiyalari esa ko‘pincha bozor tiklanayotgan davrlarda, inflyatsiya yuqori bo‘lgan paytlarda yoki investorlar barqarorlik va dividend daromadini ko‘proq qadrlay boshlagan vaqtlarda yaxshi ishlaydi. Bunday kompaniyalar odatda allaqachon shakllangan biznes modeliga, barqaror pul oqimiga va real aktivlarga ega bo‘ladi. Shuning uchun noaniqlik kuchaygan davrlarda investorlar bunday aksiyalarga ko‘proq e’tibor qaratadi.

Tarixiy jihatdan qaraganda, qiymat aksiyalari uzoq iqtisodiy sikllar davomida yuqoriroq o‘rtacha daromad ko‘rsatgan davrlar bo‘lgan. Bu ularning bozorda past baholangani va investorlar qabul qilgan risk uchun mukofot sifatida tushuntiriladi. Ammo bu har doim qiymat aksiyalari ustun bo‘ladi degani emas.

Masalan, 2010-yillarda o‘suvchi aksiyalar, ayniqsa texnologiya sektoridagi kompaniyalar juda kuchli natija ko‘rsatdi. Raqamli transformatsiya, cloud xizmatlari, elektron tijorat, streaming xizmatlari va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlar investorlar e’tiborini o‘ziga tortdi. Shu davrda Amazon, Netflix, Tesla va boshqa texnologiyaga yo‘naltirilgan kompaniyalar katta o‘sish ko‘rsatdi.

COVID-19 pandemiyasi davrida ham texnologiyaga asoslangan o‘suvchi aksiyalar kuchli o‘sdi. Zoom, Amazon va Netflix kabi kompaniyalar odamlar uyda ishlashi, onlayn xarid qilishi va raqamli xizmatlardan ko‘proq foydalanishi sababli katta talabga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, sayohat, energetika va an’anaviy bizneslarga bog‘liq ko‘plab qiymat aksiyalari orqada qoldi.

Lekin 2022–2023-yillarda vaziyat o‘zgardi. Inflyatsiya oshdi, markaziy banklar foiz stavkalarini ko‘tardi va investorlar kelajakdagi noaniq o‘sishdan ko‘ra hozirgi barqaror daromadga ko‘proq e’tibor bera boshladi. Natijada ko‘plab qiymat aksiyalari qayta kuchga kirdi, o‘suvchi aksiyalar esa yuqori stavkalar bosimi ostida qoldi.

Iqtisodiy omillar ta’siri
O‘suvchi va qiymat aksiyalarining qaysi biri yaxshiroq natija ko‘rsatishi bir nechta makroiqtisodiy omillarga bog‘liq. Investor uchun bu omillarni tushunish juda muhim, chunki aksiya tanlash faqat kompaniyaning o‘ziga emas, balki umumiy iqtisodiy muhitga ham bog‘liq.

Foiz stavkalari
Past foiz stavkalari odatda o‘suvchi aksiyalar uchun qulay sharoit yaratadi. Chunki kompaniyalar arzonroq qarz olib, biznesini kengaytirishi, yangi loyihalarga pul ajratishi va kelajakdagi daromad imkoniyatlarini oshirishi mumkin.
Bundan tashqari, o‘suvchi kompaniyalarning asosiy qiymati ko‘pincha kelajakdagi daromadlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Foiz stavkalari past bo‘lsa, investorlar kelajakdagi daromadlarni bugungi kunda yuqoriroq baholaydi. Shu sababli past stavkalar davrida o‘suvchi aksiyalar ko‘pincha ko‘proq talabga ega bo‘ladi.
Aksincha, foiz stavkalari oshganda, kelajakdagi daromadlarning bugungi qiymati pasayadi. Bu esa o‘suvchi aksiyalar narxiga bosim qiladi.

Inflyatsiya
Yuqori inflyatsiya ko‘pincha qiymat aksiyalariga nisbatan qulayroq bo‘lishi mumkin. Ayniqsa energetika, xomashyo, moliya va sanoat kabi sektorlar inflyatsion muhitda yaxshiroq natija ko‘rsatishi mumkin.
Sababi bunday kompaniyalar ko‘pincha real aktivlarga, barqaror pul oqimlariga va narxlarni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Investorlar ham inflyatsiya kuchaygan paytda kelajakdagi o‘sish va’dalaridan ko‘ra bugungi real daromad va barqarorlikni ko‘proq qadrlaydi.

Iqtisodiy tiklanish
Iqtisodiyot inqirozdan keyin tiklana boshlaganda qiymat aksiyalari ko‘pincha yaxshi natija ko‘rsatadi. Chunki bozor ilgari e’tibordan chetda qolgan, lekin aslida kuchli biznesga ega kompaniyalarni qayta baholay boshlaydi.
Bunday davrlarda investorlar haddan tashqari qimmat baholangan aksiyalardan ko‘ra, past baholangan, dividend to‘laydigan va barqaror daromadga ega kompaniyalarga ko‘proq e’tibor qaratadi.

Texnologik innovatsiyalar
Yangi texnologiyalar paydo bo‘lib, butun sanoatlarni o‘zgartira boshlaganda o‘suvchi aksiyalar kuchli natija ko‘rsatishi mumkin. Sun’iy intellekt, cloud computing, elektromobillar, biotexnologiya va raqamli xizmatlar kabi yo‘nalishlar tez rivojlanadigan kompaniyalar uchun katta imkoniyat yaratadi.
Agar kompaniya yangi texnologiya orqali tez o‘sish, yangi bozor yaratish yoki mavjud bozorda ulushini kengaytirish imkoniga ega bo‘lsa, investorlar bunday aksiyalarga yuqori baho berishi mumkin.

Nazariy asoslar
O‘suvchi va qiymat investitsiyasi faqat amaliy strategiyalar emas. Ularning ortida moliyaviy nazariyalar va investor xatti-harakatlarini tushuntiruvchi ilmiy yondashuvlar ham mavjud. Bu nazariyalar nega har ikki yondashuv turli sharoitlarda foydali bo‘lishi mumkinligini tushuntirib beradi.

Fama-French uch omilli modeli
Fama-French Three-Factor Model moliya nazariyasidagi mashhur modellardan biri hisoblanadi. Bu model bozor daromadidan tashqari yana ikki muhim omil — kompaniya hajmi va qiymat omilini hisobga oladi.
Modelga ko‘ra, qiymat aksiyalari uzoq muddatda yuqoriroq daromad berishi mumkin, chunki ular ko‘pincha bozorda riskliroq deb qabul qilinadi yoki investorlar tomonidan vaqtincha e’tibordan chetda qoladi. Shuning uchun investorlar bu riskni qabul qilgani uchun qo‘shimcha daromad olishlari mumkin.

Behavioral finance
Behavioral finance, ya’ni xulq-atvor moliyasi, investorlar har doim ham mantiqiy qaror qabul qilmasligini tushuntiradi. Ko‘pincha odamlar so‘nggi natijalarga haddan tashqari katta ahamiyat beradi.
Masalan, biror kompaniya tez o‘sayotgan bo‘lsa, investorlar bu o‘sish doim davom etadi deb o‘ylab, aksiyani haddan tashqari qimmat baholashi mumkin. Bu o‘suvchi aksiyalarning overvalued, ya’ni ortiqcha baholanishiga olib keladi.
Boshqa tomondan, vaqtincha muammoga duch kelgan, lekin fundamental jihatdan kuchli kompaniyalar bozorda e’tibordan chetda qolishi mumkin. Natijada qiymat aksiyalari vaqtincha undervalued, ya’ni past baholangan holatda qoladi.

Graham va Dodd fundamental tahlili
Benjamin Graham va David Dodd tomonidan ishlab chiqilgan fundamental tahlil yondashuvi qiymat investitsiyasining asosiy poydevorlaridan biri hisoblanadi. Bu yondashuvda investorlar bozor shov-shuviga emas, kompaniyaning haqiqiy ichki qiymatiga e’tibor qaratadi.
Asosiy g‘oya shuki: aksiyani uning real qiymatidan past narxda sotib olish kerak. Agar kompaniyaning moliyaviy holati, aktivlari, daromadi va uzoq muddatli istiqboli kuchli bo‘lsa, lekin bozor uni vaqtincha past baholayotgan bo‘lsa, bu investor uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin. Bu yondashuv sabr, chuqur tahlil va hissiyotlardan uzoq turishni talab qiladi.

O‘suvchi va qiymat strategiyalarini birlashtirish
Ko‘plab investorlar faqat bitta yondashuvni tanlash o‘rniga, o‘suvchi va qiymat aksiyalarini bir portfelda birlashtirishni afzal ko‘radi. Bu aralash yondashuv risk va daromadni muvozanatlashga yordam beradi.
O‘suvchi aksiyalar portfelga yuqori o‘sish imkoniyatini olib kiradi. Qiymat aksiyalari esa barqarorlik, dividend daromadi va pasayish davrlarida himoya berishi mumkin. Shu sababli ikkala yondashuvni birlashtirish portfelni turli bozor sharoitlariga chidamliroq qiladi.

Masalan, investor bir qism mablag‘ini texnologiya yoki innovatsion kompaniyalarga yo‘naltirishi mumkin, boshqa qismini esa barqaror daromadga ega, dividend to‘laydigan yirik kompaniyalarga ajratishi mumkin. Bu usul portfelga ham o‘sish, ham himoya beradi.

ETF’lar orqali ham bu yondashuvni qo‘llash mumkin. Masalan, Vanguard Growth ETF (VUG) o‘suvchi aksiyalarga, Vanguard Value ETF (VTV) esa qiymat aksiyalariga kengroq kirish imkonini beradi. Bunday fondlar investor uchun bir vaqtning o‘zida ko‘plab kompaniyalarga investitsiya qilishni osonlashtiradi.

Aralash yondashuv bir nechta afzallik beradi. Birinchidan, u bozor sikllari davomida daromadlarni tekisroq qiladi. Ikkinchidan, bozor o‘sayotgan paytda ham, tiklanayotgan yoki pasayayotgan paytda ham imkoniyatlarni ushlashga yordam beradi. Uchinchidan, faqat bitta strategiyaga haddan tashqari bog‘lanib qolish riskini kamaytiradi.

Xulosa
O‘suvchi va qiymat aksiyalari har xil sharoitlarda samarali ishlaydi.
O‘suvchi aksiyalar:
  • yuqori daromad imkoniyati
  • yuqori risk
Qiymat aksiyalari:
  • barqarorlik
  • dividend
Eng to‘g‘ri yondashuv faqat bittasini tanlash emas, balki muvozanatlashdir.
Shunda siz riskni boshqarasiz, daromad imkoniyatini oshirasiz va barqaror portfel qurishingiz mumkin. Akinda orqali buni amalga oshirish esa yanada oson.